«TEXNOPROM» internet-do’konining ommaviy oferta shartnomasi
Ushbu ommaviy Oferta (matn bo‘yicha bundan buyon Shartnoma deb yuritiladi) muomala layoqatiga hamda «TEXNOPROM» MChJ bilan ushbu Ofertada belgilangan shartlarda Tovarni oldi-sotdi shartnomasini tuzish uchun zarur vakolatga ega bo‘lgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs manziliga qaratilgan, «TEXNOPROM» MChJ (matn bo‘yicha bundan buyon Sotuvchi yoki TEXNOPROM deb yuritiladi) tomonidan berilgan rasmiy taklif hisoblanadi va shartnomaning barcha muhim shartlarini o‘z ichiga oladi.
I. ATAMALAR VA TA’RIFLAR
1.1. Shartnomada qo‘llaniladigan atama va tushunchalar ba’zi hollarda tegishli ta’riflar bilan alohida izohlanadi. Shartnomada berilgan atama va tushunchalarning ta’riflari uning barcha qoidalariga hamda undan kelib chiqadigan Tomonlarning huquqiy munosabatlariga taalluqlidir. Agar biror atama yoki tushunchaning ma’nosi Shartnomada nazarda tutilmagan bo‘lsa va qonunchilik hamda me’yoriy hujjatlar asosida aniqlab bo‘lmasa, bunday atama yoki tushuncha o‘zining odatdagi lug‘aviy ma’nosida qo‘llaniladi.
1.2. Shartnomada qo‘llaniladigan asosiy atama va ta’riflar:
Ommaviy oferta – Sotuvchi Direktori tomonidan tasdiqlangan ushbu ommaviy oferta. Ushbu Ommaviy ofertaning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369, 426-moddalari bilan tartibga solinadi.
Sotuvchi – Xaridorlarga Internet-do‘kon va Savdo shoxobchalari orqali tovarlarni sotuvchi hamda sotilayotgan tovarlar uchun Xaridorlardan pul mablag‘larini oluvchi «TEXNOPROM» MChJ.
Xaridor – axborot tizimlaridan foydalangan holda yakuniy iste’mol uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qiluvchi, ushbu ommaviy ofertani unda bayon etilgan shartlarda aksept qilgan har qanday jismoniy shaxs (O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari).
Tovar – nomlari va assortimenti ro‘yxati «TEXNOPROM» MChJning rasmiy Internet-do‘konida quyidagi internet-manzilda taqdim etilgan Tomonlar kelishuvining obyekti: https://texnoprom.uz/
Internet-do‘kon – Sotuvchining quyidagi internet-manzilda joylashgan rasmiy internet-do‘koni: https://texnoprom.uz/
Sayt – «TEXNOPROM» MChJga egalik huquqi asosida tegishli bo‘lgan va quyidagi manzilda joylashgan internet-resurs: https://texnoprom.uz/
Savdo shoxobchasi – tovarlar Xaridorlarga keyinchalik sotish uchun joylashtirilgan Sotuvchining do‘koni, filiali, ofisi yoki boshqa alohida bo‘linmasi.
Shaxsiy kabinet – Foydalanuvchi uchun ajratilgan https://texnoprom.uz/ Internet-do‘konining shaxsiy qismi.
Buyurtma – Xaridor tomonidan Tovar assortimentidan tanlangan, Saytda yoki Operator orqali Tovarni xarid qilish uchun ariza berishda Xaridor tomonidan rasmiylashtirilgan pozitsiyalar.
Operator – Xaridorga Tovar buyurtmasini rasmiylashtirish bo‘yicha axborot-maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi Sotuvchi xodimi.
Hamkor – Sotuvchi Xaridorlarga Tovarni bo‘lib to‘lash shartlarida sotish maqsadida hamkorlik shartnomasi tuzgan tashkilot (bank yoki boshqa moliya tashkiloti). Hamkor va uning hisob-varag‘i haqidagi ma’lumotlar bo‘lib to‘lash xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi alohida ofertada ko‘rsatilishi mumkin.
Bo‘lib to‘lash – Xaridor Tovar qiymatini Xaridor va Hamkor o‘rtasidagi alohida shartnoma asosida Hamkor bilan kelishilgan shartlarda davriy to‘lovlar orqali to‘laydigan, Tovarga haq to‘lash usuli.
Narxlar ro‘yxati – Sotuvchida amal qiluvchi, Tovarlar narxlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjat.
Xaridorning elektron manzili – Buyurtma rasmiylashtirilayotganda ko‘rsatilgan Xaridorning elektron pochta manzili.
Sotuvchining elektron manzili – Saytda ko‘rsatilgan Sotuvchining elektron pochta manzili.
Elektron tijorat ishtirokchisi – elektron tijoratda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning Sotuvchisi yoki Xaridori bo‘lgan jismoniy shaxs.
Aksept – taklifda (oferta) ko‘rsatilgan shartlarda shartnoma tuzishga rozilik bildirish bo‘lib, huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
II. UMUMIY QOIDALAR
2.1. Xaridor tomonidan Internet-do‘kon Saytida joylashtirilgan Tovarga buyurtma berilishi Xaridorning ushbu Ofertaning barcha shartlariga rozi ekanligini bildiradi, bu esa Sotuvchi shartnomasi shartlarining bevosita aksepti hisoblanadi.
2.2. Internet-do‘kon Sayti Administratsiyasi Xaridorni xabardor qilmasdan Ofertaga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega. Xaridor Oferta shartlaridagi o‘zgarishlarni mustaqil ravishda kuzatib borishi shart. Amaldagi Ofertaga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, o‘zgartirishlar Saytda rasmiy e’lon qilingan sanadan boshlab 10 (o‘n) taqvim kuni o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.
2.3. Agar Internet-do‘kon Saytida boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Ofertaning amal qilish muddati cheklanmagan.
2.4. Elektron tijorat sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonuni, Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori 1-ilovasi) va O‘zbekiston Respublikasining boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2.5. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasining boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
III. SAYTDA RO‘YXATDAN O‘TISH
3.1. Internet-do‘konda oddiy oldi-sotdi shartlarida Tovarni ro‘yxatdan o‘tmasdan xarid qilish mumkin, biroq Tovarni bo‘lib to‘lash asosida faqat ushbu Ofertaning VII bo‘limida ko‘rsatilgan tekshiruv jarayonidan o‘tgan, ro‘yxatdan o‘tgan Xaridorlargina xarid qilishlari mumkin. Xaridor Saytda faqat bir marta ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega, ya’ni faqat bitta Shaxsiy kabinetga ega bo‘lishi mumkin.
3.2. Sotuvchi Xaridor ro‘yxatdan o‘tishda taqdim etgan ma’lumotlarning aniqligi va to‘g‘riligi uchun javobgar emas.
3.3. Internet-do‘konda ro‘yxatdan o‘tgan Xaridor Sotuvchi tomonidan profilida ko‘rsatilgan kontakt raqamiga yuborilgan SMS-kirish kodini kiritish orqali individual identifikatsiyadan o‘tadi. Xaridorning individual identifikatsiyasi uchinchi shaxslarning Xaridor nomidan ruxsatsiz harakatlarining oldini olish imkonini beradi hamda qo‘shimcha xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ochadi. Xaridor tomonidan kirish kodini uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi.
IV. TOVAR NARXI
4.1. Tovar narxlari Sotuvchi tomonidan bir tomonlama tartibda belgilanadi va Internet-do‘konning https://texnoprom.uz/ sahifalarida ko‘rsatiladi. Tovar narxiga barcha soliqlar (shu jumladan QQS), yig‘imlar va to‘lovlar, zavod tarasi va qadoqlash qiymati kiradi.
4.2. Tovar narxi O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so‘mda ko‘rsatiladi.
4.3. Sotuvchi Tovarning istalgan pozitsiyasi narxini bir tomonlama tartibda o‘zgartirish huquqiga ega. Yangi (o‘zgartirilgan) narxlar Saytda rasmiy e’lon qilingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
4.4. Xaridor tomonidan allaqachon to‘lab bo‘lingan Tovar narxini Sotuvchi tomonidan o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4.5. Tovar uchun naqd pul mablag‘lari bilan to‘lov amalga oshirilganda, Sotuvchi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, to‘lovni tasdiqlovchi kassa chekini Xaridorga berishi shart.
4.6. Agar Saytda boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Tovar narxiga Tovarni Xaridorga yetkazib berish qiymati kirmaydi.
V. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
5.1. Sotuvchi quyidagilarga majburdir:
● 5.1.1. ushbu Shartnoma tuzilgan paytdan boshlab ushbu Shartnoma va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi shartlariga muvofiq Xaridor oldidagi barcha majburiyatlarni to‘liq bajarishni ta’minlash;
● 5.1.2. Xaridorning shaxsiy ma’lumotlarini amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda qayta ishlash va ularning maxfiyligini ta’minlash;
● 5.1.3. Xaridorga Internet-do‘kon Saytida ko‘rsatilgan telefon raqamlari orqali bepul telefon konsultatsiyalarini olish imkoniyatini taqdim etish. Konsultatsiyalar hajmi Buyurtmani bajarish va Tovar xususiyatlariga oid savollar bilan chegaralanadi;
● 5.1.4. axborotga ruxsatsiz kirish va (yoki) uni Buyurtmalarni bajarish bilan bevosita aloqasi bo‘lmagan shaxslarga uzatish urinishlarining oldini olish, bunday holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish;
● 5.1.5. Buyurtmani kelishishda Xaridorni Tovarning mavjudligi haqida xabardor qilish, Tovar mavjud bo‘lmagan taqdirda esa almashtirishni taklif qilish yoki Tovarning taxminiy kelib tushish muddatlarini aniqlashtirish.
5.2. Sotuvchi quyidagi huquqlarga ega:
● 5.2.1. ushbu Shartnomani, Tovar narxlari va tegishli xizmatlar tariflarini, Tovarga haq to‘lash hamda uni yetkazib berish usullari va muddatlarini Saytda tegishli ma’lumotni joylashtirish orqali bir tomonlama tartibda o‘zgartirish. O‘zgartirishlar e’lon qilingan paytdan boshlab Xaridorga yetkazilgan hisoblanadi;
● 5.2.2. Xaridor bilan telefon orqali muzokaralarni yozib olish;
● 5.2.3. Xaridor bilan kelishmasdan, ushbu shaxslarning harakatlari uchun Xaridor oldida javobgar bo‘lib qolgan holda, Shartnomani bajarish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini uchinchi shaxslarga topshirish;
● 5.2.4. «cookies» texnologiyasidan foydalanish. «Cookies» maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi va uchinchi shaxslarga uzatilmaydi;
● 5.2.5. Sayt tashrif buyuruvchisining IP-manzili haqida ma’lumot olish. Ushbu ma’lumot tashrif buyuruvchining shaxsini aniqlash uchun foydalanilmaydi va uchinchi shaxslarga berilmaydi;
● 5.2.6. Xaridorga e-mail va SMS-xabarnomalar orqali reklama-axborot xarakteridagi xabarlar yuborish. Xabarnomalar chastotasi Sotuvchi tomonidan mustaqil belgilanadi;
● 5.2.7. agar Xaridor ilgari qilingan buyurtma uchun to‘lov qilmagan bo‘lsa, yetkazib berish vaqtida buyurtmadan voz kechgan bo‘lsa, yetkazib berilgan Tovarni qabul qilmagan bo‘lsa, yoki Sotuvchida Xaridor tomonidan ko‘rsatilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga shubha mavjud bo‘lsa, sababini tushuntirmasdan Buyurtmani qabul qilish va bajarishdan bosh tortish;
● 5.2.8. Xaridor tomonidan Saytda joylashtirilgan sharh matnidan reklama maqsadlarida foydalanish, shuningdek uni Xaridorning shaxsiy ma’lumotlarini qisqartirgan yoki qisman yashirgan holda uchinchi tomon resurslarida foydalanish uchun uchinchi shaxslarga uzatish;
● 5.2.9. oldindan to‘langan Buyurtmani yetkazib berishda Xaridordan shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki Tovarni olish uchun ishonchnoma taqdim etishni talab qilish. Ko‘rsatilgan hujjatni taqdim etishdan bosh tortilgan taqdirda, Sotuvchi Tovarni berishdan bosh tortish huquqiga ega.
5.3. Xaridor quyidagilarga majburdir:
● 5.3.1. Shartnoma tuzilishidan oldin ushbu Ofertaning mazmuni va shartlari, Tovar narxlari hamda Saytda joylashtirilgan boshqa shartlar bilan tanishib chiqish;
● 5.3.2. Sotuvchiga o‘zini Xaridor sifatida bir ma’noda aniqlaydigan va Tovarni yetkazib berish uchun yetarli bo‘lgan barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etish, shuningdek o‘z shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik berish;
● 5.3.3. o‘zining Shaxsiy kabinetiga hamda Buyurtma rasmiylashtirilayotganda ko‘rsatilgan va Tovarni qabul qilishda foydalaniladigan mobil telefoniga kirish huquqini uchinchi shaxslarga bermaslik;
● 5.3.4. ushbu Oferta shartlarida buyurtma qilingan Tovar uchun va zarur bo‘lganda uni yetkazib berish uchun haq to‘lash;
● 5.3.5. Internet-do‘kon orqali xarid qilingan Tovardan tadbirkorlik maqsadlarida foydalanmaslik;
● 5.3.6. Sotuvchi va Hamkor xodimlari bilan munosabatlarda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilish, muomalada odobli va xushmuomala bo‘lish.
5.4. Xaridor quyidagi huquqlarga ega:
● 5.4.1. Shaxsiy kabinetdagi «Obunalar» bo‘limi orqali e-mail va SMS-xabarnomalarni olishdan voz kechish;
● 5.4.2. Buyurtma qayta ishlashga topshirilgunga qadar yoki Buyurtma rasmiylashtirilgan paytdan boshlab Saytda ko‘rsatilgan vaqt davomida uni mustaqil ravishda bekor qilish;
● 5.4.3. Internet-do‘konning ishi va Tovarlar haqida ishonchli ma’lumot olish;
● 5.4.4. buyurtma qilingan Tovarni olish va unga haq to‘lashni, shu jumladan Xaridor tegishli shartnoma tuzgan, yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotga ham, uchinchi shaxsga topshirish.
VI. BUYURTMANI RASMIYLASHTIRISH
6.1. Tovarga buyurtma Xaridor tomonidan Internet-do‘konning https://texnoprom.uz/ Sayti orqali yoki Sotuvchining Savdo shoxobchasiga bevosita murojaat qilish orqali beriladi. Xaridorga Saytda ko‘rsatilgan telefon raqami orqali Operatordan Tovarning mavjudligi va u haqidagi batafsil ma’lumotni aniqlashtirib olish tavsiya etiladi. Agar Xaridor ushbu imkoniyatdan foydalanmagan bo‘lsa, Sotuvchi shu sababli yuzaga kelgan oqibatlar uchun javobgar emas.
6.2. Saytda ro‘yxatdan o‘tishda yoki Buyurtma rasmiylashtirilayotganda Xaridor quyidagi ro‘yxatga olish ma’lumotlarini taqdim etishi shart (Sotuvchiga ularni qayta ishlash, saqlash va foydalanish huquqi bilan, shu jumladan zarur bo‘lganda uchinchi shaxslarga uzatish huquqi bilan):
● Xaridorning yoki u ko‘rsatgan qabul qiluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi;
● Tovar yetkazib beriladigan manzil (yetkazib berish xizmatidan foydalanilganda);
● elektron pochta manzili;
● kontakt telefon raqami.
6.3. Agar Sotuvchiga qo‘shimcha ma’lumot zarur bo‘lsa, u buni Xaridordan so‘rash huquqiga ega. Bunday ma’lumot taqdim etilmagan taqdirda, Sotuvchi Xaridor tomonidan tanlangan Tovar uchun javobgar emas.
6.4. Xaridor ushbu Oferta shartlarini Saytdagi ro‘yxatga olish shakliga tegishli ma’lumotlarni kiritish orqali yoki Operator orqali Buyurtma rasmiylashtirishda qabul qiladi. Buyurtmani tasdiqlab, Xaridor ushbu Ofertaning 6.2-bandiga muvofiq Operatorga zarur ma’lumotlarni taqdim etadi.
6.5. Sotuvchi Buyurtma rasmiylashtirilayotganda Xaridor tomonidan taqdim etilgan ma’lumotning mazmuni va haqqoniyligi uchun javobgar emas. Xaridor o‘zi taqdim etgan ma’lumotning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
6.6. Sotuvchi va Xaridor o‘rtasidagi masofaviy usulda oldi-sotdi shartnomasi Buyurtma rasmiylashtirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
VII. TOVARNI BO'LIB TO'LASH ASOSIDA SOTIB OLISH
7.1. Sotuvchi Xaridorga Hamkor bilan Xaridor o'rtasida alohida oldi-sotdi shartnomasi tuzish yo'li bilan Tovarni bo'lib to'lash asosida sotib olish imkoniyatini beradi.
7.2. Bo'lib to'lashni taqdim etish shartlari, jumladan Xaridorning ma'lumotlarini tekshirish va yig'ish tartibi (arizani ro'yxatdan o'tkazish va skoring) Sotuvchining Saytida joylashtirilgan alohida ommaviy oferta va (yoki) Hamkor tomonidan belgilanadigan shartlar bilan belgilanadi.
7.3. Tovarni bo'lib to'lash asosida rasmiylashtirish uchun Xaridor Saytda ro'yxatdan o'tgan bo'lishi hamda Xaridorning ma'lumotlarini tekshirish natijalari bo'yicha tasdiqlangan, Hamkor tomonidan belgilangan limitga ega bo'lishi lozim.
7.4. Xaridor va Hamkor o'rtasida tuziladigan shartnomada Taraflar to'lov muddatlari va shartlarini, majburiyatlarning bajarilmasligi uchun javobgarlikni hamda boshqa shartlarni mustaqil ravishda kelishib oladilar. Ushbu shartnoma shartlarining uning taraflaridan birortasi tomonidan bajarilmasligi yoki buzilishi uchun Sotuvchi javobgar bo'lmaydi.
7.5. Tovarni bo'lib to'lash asosida rasmiylashtirishning majburiy sharti Sotuvchining Saytida joylashtirilgan «Arizani ro'yxatdan o'tkazish» va «Skoring» xizmatlarini taqdim etish to'g'risidagi alohida ofertaning shartlarini Xaridor tomonidan so'zsiz qabul qilinishi va ularga rioya etilishidir.
VIII. TOVARNI YETKAZIB BERISH VA TOPSHIRISH
8.1. Tovarni yetkazib berish Taraflar tomonidan kelishilgan quyidagi usullardan biri orqali amalga oshiriladi:
● Sotuvchi tegishli shartnoma tuzgan tashuvchi (kuryer) orqali (Tovarning Xaridorga yoki u ko'rsatgan Yuk oluvchiga topshirilgan sanasi sotuv sanasi hisoblanadi);
● Xaridorning o'zi tomonidan va o'z mablag'i hisobidan Sotuvchining ombori yoki Savdo xonasidan mustaqil olib ketish shartlari asosida (Tovarning Xaridorning vakolatli vakiliga topshirilgan sanasi sotuv sanasi hisoblanadi).
8.2. Tovarni yetkazib berish usullari, tartibi, muddatlari va narxi Internet-do'kon Saytida ko'rsatiladi yoki Buyurtmani rasmiylashtirish jarayonida Operator tomonidan Xaridorga xabar qilinadi. Tovarni yetkazib berish muddati Buyurtmani qayta ishlash muddati va yetkazib berish muddatidan iborat.
8.3. Xaridor Tovarni olish uchun shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yoki o'z vakiliga berilgan ishonchnomani taqdim etishi lozim. Quyidagi hollarda Tovar ishonchnoma bo'yicha berilmaydi: uni to'ldirishning belgilangan tartibi buzilgan holda berilgan ishonchnoma taqdim etilganda; tuzatishlar va dog'lari bo'lgan ishonchnoma taqdim etilganda; ishonchnomada ko'rsatilgan pasport (pasport nusxasi) taqdim etilmaganda; ishonchnomaning amal qilish muddati tugaganda.
8.4. Tovarni miqdori, komplektligi va sifati bo'yicha qabul qilib olish Tovar Xaridorga yoki Yuk oluvchiga topshiriladigan joyda hamrohlik hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Xaridor Tovarni yaxlitligi, yaroqliligi hamda Buyurtmaning miqdori, sifati va assortimentiga muvofiqligi yuzasidan ko'zdan kechirishi shart.
8.5. Sotuvchi mazkur Shartnoma shartlari asosida Tovarni topshiradi, Xaridor esa uni qabul qilib oladi va uning haqini to'laydi. Tovarga bo'lgan mulk huquqi hamda uning tasodifan halok bo'lishi yoki shikastlanishi xavfi Tovar bevosita topshirilgan va uning to'liq qiymati Xaridor tomonidan to'langan paytdan boshlab Xaridorga o'tadi.
8.6. Tovarlarni yetkazib berish va sotish faqat O'zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladi.
IX. TOVAR SIFATI VA KAFOLAT
9.1. Tovarning sifati ishlab chiqaruvchi mamlakatida tegishli turdagi Tovarga nisbatan belgilangan standartlarga mos kelishi lozim.
9.2. Sotuvchi sotilayotgan Tovarlarning yangi va foydalanishda bo'lmaganligini kafolatlaydi.
9.3. Tovarga kafolat muddati ishlab chiqaruvchi yoki Sotuvchining kafolat talonida belgilanadi va har bir Tovarning tavsifida ko'rsatiladi. Kafolat muddati Tovar Xaridorga sotilgan kundan, agar Tovar yig'ilishi yoki o'rnatilishi lozim bo'lsa - uni yig'ish (o'rnatish) kunidan boshlab hisoblanadi.
9.4. Kafolat quyidagi sabablarga ko'ra yuzaga kelgan Tovar nuqsonlariga tatbiq etilmaydi:
● foydalanish bo'yicha ko'rsatmalarning buzilishi yoki Tovardan maqsadga muvofiq bo'lmagan holda foydalanish;
● Tovardan ko'zda tutilmagan atrof-muhit sharoitlarida foydalanish, muntazam texnik xizmat ko'rsatilmasligi;
● elektr tarmog'i kuchlanishining Tovarning texnik hujjatlarida ko'rsatilgandan past yoki yuqori bo'lishi;
● mexanik, termik shikastlanishlar yoki Tovarni mustaqil ta'mirlash yoxud modifikatsiya qilish;
● O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollar.
X. TOVARLARNI QAYTARISH VA ALMASHTIRISH
10.1. Tegishli sifatga ega Tovarlar.
10.1.1. Xaridor xarid qilingan kundan boshlab (xarid qilingan kun hisobga kiritilmagan holda) 10 (o'n) kun ichida, agar tegishli sifatga ega oziq-ovqat mahsuloti bo'lmagan Tovar foydalanilmagan bo'lsa, uning tovar ko'rinishi, iste'mol xususiyatlari, plombalari va yorliqlari saqlanib qolgan bo'lsa, shuningdek Tovarni xarid qilish faktini va shartlarini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo'lsa, uni qaytarishga haqli.
10.1.2. O'zbekiston Respublikasi Chakana savdo qoidalariga 1-son Ilova (O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori) bilan tasdiqlangan, qaytarilishi yoki almashtirilishi mumkin bo'lmagan oziq-ovqat mahsuloti bo'lmagan tovarlar Ro'yxatiga kiritilgan, jumladan kafolat muddati belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar kabi tegishli sifatga ega Tovarlar qaytarilishi mumkin emas.
10.2. Tegishli sifatga ega bo'lmagan Tovarlar.
10.2.1. Kafolat muddati yoki Tovarning yaroqlilik muddati davomida kamchiliklari aniqlangan, kafolat muddati belgilanmagan Tovarlar bo'yicha esa Tovar topshirilgan kundan boshlab olti oy davomida kamchiliklari aniqlangan Tovar sotib olingan Xaridor, Tovardagi kamchiliklarni bepul bartaraf etishni talab qilishga haqli. Xaridorning talablari kassa yoki tovar cheki taqdim etilganda, kafolat muddati belgilangan Tovarlar bo'yicha esa tegishli tartibda rasmiylashtirilgan kafolat taloni taqdim etilganda ko'rib chiqiladi.
10.2.2. Kamchiliklarni bartaraf etish tartibi: Xaridor aniqlangan kamchilik to'g'risida vakolatli servis markaziga yoki Sotuvchiga ariza bilan murojaat qiladi; kamchiliklarning sabablarini aniqlash uchun Tovar texnik tekshiruvga yuboriladi; tekshiruv natijalari bo'yicha xulosa tuziladi; zavod nuqsoni tasdiqlangan taqdirda, kamchiliklar servis markazining xulosasi olingan sanadan boshlab 10 (o'n) kun ichida bepul bartaraf etiladi.
10.3. Kamchiliklar mavjud bo'lmagan holda Tovarni qaytarish uchun yetkazib berish Xaridor hisobidan amalga oshiriladi. Yirik gabaritli Tovar hamda og'irligi 20 kilogrammdan ortiq bo'lgan Tovarni ta'mirlash yoki kafolat asosida qaytarish uchun yetkazib berish Sotuvchi kuchlari va hisobidan amalga oshiriladi.
XI. TO'LOV USULLARI
11.1. Tovar uchun to'lov quyidagi usullarda amalga oshirilishi mumkin:
● naqd pul mablag'lari bilan;
● bank plastik kartasi orqali;
● Internet-do'kon Saytida ko'rsatilgan to'lov tizimlari orqali;
● Hamkor bilan kelishilgan shartlar asosida bo'lib to'lash yo'li bilan;
● naqd pulsiz hisob-kitob orqali (yuridik shaxslar uchun).
11.2. Xaridor to'lovning to'g'ri amalga oshirilishi uchun, shu jumladan uchinchi shaxslarga tegishli to'lov vositalaridan foydalanilgan hollarda ham, to'liq javobgar bo'ladi. Uchinchi shaxsning kartasidan to'lov amalga oshirilgan taqdirda, Xaridor karta egasining roziligi mavjudligini kafolatlaydi va shu bilan bog'liq xavflarni o'z zimmasiga oladi.
11.3. To'lov usullari haqida batafsil ma'lumot Internet-do'kon Saytidagi «To'lov usullari» bo'limida keltirilgan.
XII. FORS-MAJOR
12.1. Agar majburiyatlarning qisman yoki to'liq bajarilmasligi Shartnoma tuzilgandan keyin yuzaga kelgan, favqulodda xususiyatga ega bo'lgan hamda Taraflar oqilona choralar ko'rish orqali oldindan bilishi yoki oldini olishi mumkin bo'lmagan yengib bo'lmas kuch holatlari sababli yuzaga kelgan bo'lsa, Taraflar bunday majburiyatlarni bajarmaganliklari uchun javobgarlikdan ozod etiladi. Bunda Taraflardan hech biri, ilgari olingan mablag'larni qaytarish bo'yicha majburiyatlardan tashqari, zararlarning qoplanishini talab qilishga haqli emas.
12.2. Yengib bo'lmas kuch holatlariga, xususan, quyidagilar kiradi: ish tashlashlar, suv toshqinlari, yong'inlar, zilzilalar va boshqa tabiiy ofatlar, karantin tadbirlari, urushlar, harbiy harakatlar, O'zbekiston Respublikasi yoki boshqa davlatlarning davlat organlari harakatlari, shuningdek Taraflarning oqilona nazoratidan tashqarida bo'lgan boshqa holatlar.
12.3. Taraflardan birining majburiyatlarini bajarishiga bevosita yoki bilvosita ta'sir ko'rsatuvchi amaldagi qonunchilikdagi o'zgarishlar yengib bo'lmas kuch holatlari deb hisoblanmaydi. Bunday holda Taraflar Shartnomaning keyingi bajarilish tartibini zudlik bilan o'zaro kelishib olishlari shart.
XIII. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI
13.1. Mazkur Shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Taraflar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo'ladilar.
13.2. Agar Xaridor tomonidan noto'g'ri yetkazib berish manzili yoki noto'g'ri aloqa ma'lumotlari ko'rsatilgan bo'lsa, Sotuvchi Buyurtmaning kechiktirilishi yoki yetkazib berilmay qolishi uchun javobgar bo'lmaydi.
13.3. Sotuvchi omordagi Tovarning haqiqiy mavjudligi bilan Saytda aks ettirilgan Tovar mavjudligi to'g'risidagi ma'lumot o'rtasidagi tafovutlar uchun javobgar bo'lmaydi.
13.4. Internet-do'konda joylashtirilgan barcha matnli ma'lumotlar, grafik tasvirlar va xizmatlarning qonuniy huquq egasi mavjud. Ko'rsatilgan ma'lumotlar va tasvirlardan noqonuniy foydalanish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka olib keladi.
XIV. DA'VO TARTIBI VA NIZOLARNI HAL ETISH
14.1. Mazkur Shartnoma bo'yicha majburiyatlarning bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi bilan bog'liq barcha nizolarni Taraflar muzokaralar olib borish va yozma da'volar yo'llash orqali hal etishga harakat qiladilar. Da'voni ko'rib chiqish muddati u qabul qiluvchiga kelib tushgan sanadan boshlab 15 (o'n besh) kalendar kunni tashkil etadi.
14.2. Muzokaralar jarayonida kelishuvga erishilmagan va da'vo tartibiga rioya etilgan taqdirda, nizolar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq Sotuvchining joylashgan joyi bo'yicha sud tartibida hal etiladi.
14.3. Mazkur Ofertada havolalari keltirilgan, qoidalar va shartlarni tushuntiruvchi Internet-do'kon bo'limlari uning ajralmas qismi hisoblanadi.
XV. BOSHQA SHARTLAR
15.1. Mazkur Ofertani aksept qilish orqali Xaridor «TEXNOPROM» MChJ ga o'zining shaxsiy ma'lumotlarini, jumladan familiyasi, ismi, sharifini, tug'ilgan sanasini, jinsini, ish joyi va lavozimini, pochta manzilini, uy, ish va mobil telefonlarini, elektron pochta manzilini qayta ishlashga rozilik bildiradi va ruxsat beradi, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi hududida shaxsiy ma'lumotlarni yig'ish, tizimlashtirish, to'plash, saqlash, aniqlashtirish (yangilash, o'zgartirish), foydalanish, tarqatish va uzatish, shaxsiylashtirilmagan holga keltirish, bloklash va yo'q qilishga, shuningdek xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan tadqiqotlar, marketing dasturlari, statistik tadqiqotlar o'tkazish hamda pochta orqali xat-xabar yuborish, elektron pochta, telefon, faksimil aloqa, Internet tarmog'i kabi, ammo ular bilan cheklanib qolmaydigan turli aloqa vositalari yordamida Xaridor bilan bevosita aloqa o'rnatish orqali xizmatlarni bozorda ilgari surish maqsadida ularni keyinchalik qayta ishlash uchun Sotuvchining kontragentlariga, jumladan Hamkorga uzatishga ham rozilik bildiradi va ruxsat beradi.
15.2. Xaridor Sotuvchi va uning kontragentlari tomonidan Xaridorning shaxsiy ma'lumotlari avtomatlashtirilgan ma'lumotlar bazasini boshqarish tizimlari, shuningdek Sotuvchining topshirig'iga binoan maxsus ishlab chiqilgan boshqa dasturiy vositalar yordamida qayta ishlanishiga rozilik bildiradi va ruxsat beradi. Xaridor mazkur Ofertada ko'rsatilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun o'zining shaxsiy ma'lumotlari, ushbu uchinchi shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasining shaxsiy ma'lumotlarning maxfiyligi va xavfsizligiga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi sharti bilan, Sotuvchi shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashni topshirgan uchinchi shaxslarga uzatilishi mumkinligiga rozilik bildiradi.
15.3. Xaridor Sotuvchidan o'zining shaxsiy ma'lumotlari, ularni qayta ishlash va foydalanish to'g'risida to'liq ma'lumot so'rashga, shuningdek Sotuvchining manziliga tegishli yozma so'rov yuborish orqali noto'g'ri yoki to'liq bo'lmagan shaxsiy ma'lumotlarni chiqarib tashlashni yoki tuzatishni talab qilishga haqli. Xaridorning shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga rozilligi muddatsiz hisoblanadi va Sotuvchiga yozma ariza yuborish orqali qaytarib olinishi mumkin.
XVI. SOTUVCHINING REKVIZITLARI
Yuridik nomi: «TEXNOPROM» MChJ
Yuridik manzili: Toshkent sh., Chilonzor tumani, Katta Do‘mbirobod MFY, Gavhar ko‘chasi, 122-uy
Veb-sayt: https://texnoprom.uz/
Bog‘lanish uchun telefon: +998 97 423 22 20
Ishonch telefoni: +998 33 044 89 95
H/r: 20218000107276997001
Bank: «Orient Finans» XATB Yunusobod filiali
MFO: 01071
STIR (INN): 312 628 888
Direktor: Rahmatov Jamshid Jahongir o‘g‘li